Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashevning 30-iyun - "Yoshlar kuni" munosabati bilan TABRIGI
2026-06-30 09:00:00 / Yangiliklar

#Tabrik
30-iyun - "Yoshlar kuni" munosabati bilan Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashevning TABRIGI
Qadrli yigit-qizlar!
Toshkent tumanining shijoatli va intiluvchan yoshlari!
Sizlarni, sizlar orqali tumanimizning barcha navqiron avlod vakillarini qutlug‘ ayyom – "Yoshlar kuni" munosabati bilan chin qalbimdan, samimiy tabriklayman. Bugun mana shu quvonchli vaziyatda, ko‘zida o‘t, qalbida yurt ishqi jo‘sh urgan siz kabi shijoatli yigit-qizlarni ko‘rib turganimdan cheksiz faxr va mamnuniyat his etaman.
Aziz yoshlar! Bugun jonajon O‘zbekistonimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlarning markazida, hech shubhasiz, sizlar – mamlakatimizning ertangi kuni, kelajagimiz poydevori bo‘lib turibsiz.
Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati eng ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani bejiz emas.
Zero, sizlar kabi yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan avlodgina Yangi O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqishga qodirdir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlarimiz bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotlaridan birida: “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchdir” – deb ta’kidlagan edilar.
Davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlari sizlarning naqadar ulkan kuch va salohiyatli ekanligingizga bo‘lgan yuksak e’tirof va chuqur ishonchning yaqqol namunasidir. Bugun biz sizlarning timsolingizda nafaqat yurtimiz kelajagini, balki Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yayotgan buyuk kuchni ko‘ramiz.
Muhtaram Yurtboshimizning Yoshlar kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqlaridagi:
“Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz” – degan so‘zlari har birimizning qalbimizda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada jo‘shqinlantiradi.
Qadrli tumanimiz yoshlari! Ushbu yuksak ishonchga javoban Toshkent tumani hokimligi, DXX, Prokuratura, IIB hamda Soliq tizimlari rahbarlari sizlar uchun barcha sharoitlarni yaratuvchi tizim sifatida harakat qilmoqda. Bugun tumanimizda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga, xorijiy tillarga va ilg‘or axborot texnologiyalariga o‘rgatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Sizlarning startap loyihalaringiz, ijodiy g‘oyalaringizni qo‘llab-quvvatlash bizning ustuvor vazifamizdir.
Tumanimiz o‘g‘il-qizlari nafaqat ilm-fanda, balki sport maydonlarida ham o‘zlarining tengsiz ekanliklarini isbotlab kelmoqdalar.
Ayniqsa, yaqinda tumanimizda yuksak saviyada tashkil etilgan “Keles Open – 2026” VII Xalqaro karate (WKF) turnirida, DXX Kubogi futbol va voleybol musobaqalarida tumanimiz yoshlarining ko‘rsatgan yuksak mahorati va shijoati bizni cheksiz quvontirdi va faxrlantirdi. Biz sizlarni sport bilan shug‘ullanishingiz, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishingiz uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Aziz do‘stlar, milliy g‘urur va sportsevar yigit-qizlar! Bu yilgi Yoshlar kuni bayrami biz uchun ayniqsa qo‘shaloq shodiyona va cheksiz faxr-iftixor ostida o‘tmoqda. Fursatdan foydalanib, barchamizning qalbimizni to‘lqinlantirgan, O‘zbek sporti tarixida yangi zafarli sahifa ochgan buyuk voqeani – Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganligini alohida faxr va e’tirof bilan qayd etmoqchiman!
Bu tarixiy voqea — nafaqat sportchilarimizning, balki butun o‘zbek yoshlarining mehnati, qat’iyati va yengilmas irodasining zafaridir. Jahon arenalarida vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan mana shunday sheryurak yoshlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ishonchim komilki, milliy terma jamoamiz safida, kelgusida Jahon chempionati yashil maydonlarida Toshkent tumanidan yetishib chiqqan mahoratli yosh futbolchilar ham to‘p surib, yurtimiz sharafini munosib himoya qiladilar.Bu zafar sizlarni ham hayotning har bir jabhasida — ilmda, kasbda, tadbirkorlikda va ijodda haqiqiy chempion bo‘lishga ruhlantirishi zarur!
Aziz, navqiron va shijoatli yigit-qizlar!
Sizlar — Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Al-Xorazmiy va Ibn Sinolar kabi buyuk ajdodlarning qonuniy vorislarisiz. Mening hokim sifatida, qolaversa, bir rahbar sifatida eng katta suyanchim va ishonchim — sizlarning bilimli, yuksak ma’naviyatli va vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishingizdir.
Hech qachon marralarni past olmang, o‘z ustingizda ishlashdan, yangi bilimlarni egallashdan to‘xtamang. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, qalbida vatanparvarlik tuyg‘usi kuchli bo‘lgan yoshlarning shijoati hamisha baland bo‘ladi. Sizning shijoatingiz esa Toshkent tumanining, go‘zal yurtimizning yuksalishiga xizmat qiluvchi eng katta kuchdir.
Sizlarni yana bir bor bugungi ulug‘ ayyom — Yoshlar kuni munosabati bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman! Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, o‘qishlaringiz va kelgusi ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman. Porloq kelajak sari tashlayotgan har bir qadamingiz xayrli va omadli kelsin!
Hayot yo‘lingiz hamisha bexatar, parvozingiz baland bo‘lsin!
