Rasmiy munosabat
2026-05-25 15:05:00 / Rasmiy munosabat

#Rasmiy_munosabat
Toshkent tumanidagi yer nizosi boʻyicha rasmiy munosabat: "Ekologiya niqobi" ostidagi haqiqat
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Qizgʻaldoq hududi Bogʻizilol mahallasi manzilida joylashgan yer maydoni atrofida bildirilayotgan turli fikrlarga javoban shuni maʼlum qilamizki, ushbu 2,5 gektar yer maydoni Toshkent tuman hokimining 2021-yil 3-iyundagi №677-sonli qaroriga asosan «MODEREN GREEN SERVISE» MCHJga obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish hamda manzarali koʻchatlar yetishtirish maqsadida qonuniy ravishda ajratilgan.
Mazkur qaror Xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan boʻlib, belgilangan tartibda kadastr pasporti ham rasmiylashtirilgan. Hudud yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻining muhofaza mintaqasida joylashgani sababli, bu yerda qonunchilikka muvofiq har qanday kapital qurilish inshootlari yoki koʻp qavatli uylar (“dom”) barpo etish qatʼiyan taqiqlangan va aholining bu boradagi xavotirlari mutlaqo asossizdir.
Muhim fakt: Ushbu yer maydoni bugungi kunda tadbirkor bilan nizolashayotgan aholi vakillari ushbu hududga koʻchib kelishidan ancha oldin, qarovsiz yotgan joyni chiqindilardan tozаlash va obodonlashtirish maqsadida ajratilgan boʻlib, buni isbotlovchi barcha huquqiy va tarixiy hujjatlar mavjud. Qolaversa, ba'zi OAVlarda ta'kidlanganidek, aholiga tegishli bo'lmagan yer, qanday qilib ulardan olib qo'yilishi mumkin?
Afsuski, ayrim fuqarolar tomonidan goʻyoki "ekologiya va tabiatni asrash" shiorlari ostida tadbirkorning qonuniy faoliyatiga toʻrt yildan buyon toʻsqinlik qilib kelinmoqda. Aholi vakillari goʻyoki bogʻ tashkil etish bahonasida jamiyatga ajratilgan yerlarni oʻzboshimchalik bilan boʻlib olib, yuqori kuchlanishli tarmoq ostiga qonunga xilof ravishda terak, chinor kabi baland oʻsuvchi daraxtlarni ekishgan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 1050-sonli qarori talablariga koʻra, xavfsizlik nuqtai nazaridan bunday hududlarda baland daraxtlar ekish qatʼiyan man etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-165-moddalariga muvofiq, yer uchastkasidan foydalanish huquqi daxlsiz ashyoviy huquq hisoblanadi va har qanday qonunbuzilishlarni bartaraf etish talabini kafolatlaydi. Toshkent tumani hokimligi barcha fuqarolarni shaxsiy manfaatlar yoʻlida asossiz axborot tarqatishdan tiyilishga, qonun ustuvorligi va huquqiy masʼuliyatni saqlagan holda harakat qilishga chaqiradi.
Ayni kunlarda ushbu yer maydoniga ekilgan daraxtlar tadbirkor tomonidan parvarish qilinib sug'orilmoqda.
