Ommaviy diktant
2026-02-16 17:40:00 / Yangiliklar

Toshkent tumanida “Ommaviy diktant” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tashabbusda tuman hokimligi jamoasi, barcha tashkilot, korxona, muassasa va idoralar rahbarlari faol ishtirok etdi. Tadbir Toshkent viloyati hokimligi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinmoqda.
“Ommaviy diktant” davomida davlat xizmatchilari orasida yozma savodxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, davlat tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘zbek tilining rasmiy ish yuritish hujjatlari tili sifatidagi o‘rnini mustahkamlash, uning ijtimoiy mavqeyini yuksaltirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar diktant yozish orqali imlo savodxonligi bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini baholash imkoniga ega bo‘ldilar.
Eng muhimi, davlat xizmatchilarining savodxonligini oshirish orqali hujjatlarning xatosiz yuritilishi hamda davlat tili qoida va me’yorlari sifatini yanada yaxshilash asosiy maqsad ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Mazkur tadbirda Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev hamda hokimning barcha o‘rinbosarlari qatnashib, davlat tiliga bo‘lgan hurmat amalda namoyon etildi.
“Ommaviy diktant” — bu shunchaki matn yozish emas, balki so‘zga ehtirom, tilga sadoqat va davlatga hurmat ifodasidir.









