Murojaat va tashabbus
2026-02-03 09:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Toshkent tumani hokimi sifatida siz – maktab direktorlari, oʼqituvchilar, qadrli ota-onalar va aziz oʼquvchilarga murojaat qilmoqchiman.
Bugun bir haqiqatni ochiq aytishim kerak: maktablarda uyali aloqa vositalari oʼquvchining eng katta chalgʼituvchisiga aylanib qolmoqda. Dars jarayonida telefonga boʼlingan diqqat — yoʼqotilgan bilim, yoʼqotilgan imkoniyat, yoʼqotilgan kelajak demakdir. Shuning uchun men “Telefonsiz maktab” gʼoyasini qoʼllab-quvvatlayman va uni zarurat deb hisoblayman.
Аgar bitta oʼquvchi bir kunlik darslar jarayonida uyali aloqa vositasiga har 5–10 daqiqada bir marta chalgʼisa, u kamida 2–3 soat qimmatli vaqtini zoe ketkazadi: chunki telefonga qarashning oʼzi bir necha soniya boʼlsa-da, diqqatni qayta jamlash uchun yana vaqt talab etiladi, natijada 40 daqiqalik darsning yarmi bilimga emas, ekranga sarflanadi; bu esa kun oxirida kitob oʼqish, mashq bajarish va fikrlash uchun ajratilgan umr soatlarining sezilmay qoʼldan chiqishiga olib keladi.
Qolaversa, uyali aloqa vositalari kattalar nazoratisiz qolganida yosh ongini sekin-asta egallab, toʼgʼri bilan notoʼgʼri oʼrtasidagi chegarani xiralashtiradi: ekran ortidagi yolgʼon «qahramonlik», tez boyish yoki oson yoʼl haqidagi tasavvurlar oʼquvchini kitobdan, ustoz nasihatidan uzib, xavfli guruhlar, zararli kontent va jinoiy gʼoyalarga yaqinlashtirishi mumkin; shuning uchun telefon — qoʼlda emas, nazoratda boʼlmasa, u tarbiya vositasi emas, balki ongni yoʼqotishga boshlovchi yoʼlga aylanib qolishi ehtimoldan xoli emas.
Hurmatli maktab direktorlari!
Sizlardan qatʼiyat bilan soʼrayman. Maktabda intizom boʼlmas ekan, taʼlim sifati boʼlmaydi. “Telefonsiz maktab” tartibi — tarbiya va masʼuliyatni shakllantiradigan muhim qadam. Bu orqali biz oʼquvchining diqqatini darsga, mulohazaga va mustaqil fikrlashga yoʼnaltiramiz.
Qadrli ota-onalar!
Sizlardan farzandlaringiz taʼlim dargohida uyali aloqa vositalaridan foydalanmasligiga alohida eʼtibor qaratib, bu masalada sergak va masʼuliyatli boʼlishingizni soʼrayman, zero bolaning qoʼli telefonga emas, qalami bilimga intilgandagina u dars mazmunini teran anglaydi, mustaqil fikrlaydi va bir zamonlar telefonlarsiz ulgʼayib, kitob bilan kamol topgan avlod singari hayotda oʼz oʼrnini topishga zamin yaratadi.
Аziz oʼquvchilar!
Maqsadim sizlarga taqiq qoʼyish emas — aksincha telefonga tobelikdan sizlarni asrash. Telefondan bir necha soatga voz kechish orqali siz bilimga yaqinlashasiz. Bilim esa hayotingizdagi eng kuchli qurol ekanini unutmang. Bugun telefonni chetga qoʼya olgan oʼquvchi ertaga hayotda ham toʼgʼri qaror qabul qila oladi.
Shu munosabat bilan qatʼiyat bilan aytish darkorki, Toshkent tumanidagi 32 ta umumtaʼlim maktabida “Telefonsiz maktab” tartibini joriy etish zarur. Bu barcha maktablar uchun yagona va adolatli qoida boʼlishi shart. Men bu tashabbus taʼlim muhitini sogʼlomlashtiradi, oʼquvchilarning bilim saviyasi oshishiga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Telefonsiz maktab — sukut emas, tafakkurdir.
Telefonsiz maktab — cheklov emas, bilim va tarbiyadir.
Bugun qabul qilingan shu qaror ertangi bilimli, masʼuliyatli va Vatan taqdiriga befarq boʼlmagan avlod uchun mustahkam poydevor boʼla olishiga ishonaman.
Hurmat bilan,
Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev
