Sport
2026-02-02 11:10:00 / Yangiliklar

Toshkent tumanida joylashgan "Universal" sport majmuasida oʻsmirlar oʻrtasida erkin kurash boʻyicha “Viloyat prokurori kubogi” musobaqasi yuksak sport ruhida boʻlib oʻtdi. Toshkent viloyati Sport boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu bellashuv yoshlar salohiyatini namoyon etdi.
Musobaqada viloyat Sport boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va sohaga masʼul mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Ochilish marosimida Toshkent viloyati Sport boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Azamat Turapov hamda Toshkent tumani prokurori v.v.b. Murod Shukrullayev soʻzga chiqib, yosh sportchilarga omad va muvaffaqiyat tiladilar.
Viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan 200 ga yaqin yosh sportchi gʻalaba uchun tatamida kuch sinashdi. Qizgʻin va murosasiz bahslar yuksak sport mahorati va sogʻlom raqobat muhitini yaqqol koʻrsatdi.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Bu bellashuv oʻsmirlar uchun yangi gʻalabalar sari ilhom bagʻishladi.






