Oilaviy qadriyatlar
2026-01-16 15:35:00 / Yangiliklar

Oila — jamiyatning eng muqaddas va nozik boʻgʻini. Undagi har bir qaror, har bir munosabat nafaqat er-xotin, balki farzandlar taqdiri, avlod kelajagi bilan bevosita bogʻliqdir. Shu bois oilaviy nizolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, murosaga kelish madaniyatini shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
2026-yil 15-yanvar kuni Toshkent tumanida “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Toshkent tumani hokim oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi L.T. Karabayeva raislik qildi. Shuningdek, komissiya aʼzolari — Toshkent tumani FXDYO boʻlimi boshligʻi S.J. Jurayeva, “Oqila ayollar” harakati rahbari N. Solixova hamda IIB XPB JXX xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori M. Sohibnazarova ishtirok etdilar.
Yigʻilish davomida ajrim yoqasida turgan 11 ta nizoli oila bilan alohida-alohida suhbatlar oʻtkazildi. Olib borilgan oʻrganishlar natijasida, ayrim holatlarda oilaviy kelishmovchiliklar keskin tus olgani, jumladan 5 ta oilada “taloq” aytilgani sababli yarashtirish imkoniyati mavjud emasligi maʼlum boʻldi.
Komissiya aʼzolari tomonidan barcha ishtirokchilarga oilaviy hayotda hissiyotga berilmasdan, aql va masʼuliyat bilan qaror qabul qilish, ayniqsa farzandlar taqdiri birinchi oʻrinda turishi lozimligi yana bir bor qatʼiy taʼkidlandi. Chunki har bir shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qaror bolalar qalbida tuzalmas iz qoldirishi mumkin.
Hurmatli fuqarolar!
Oilaviy nizolarni ajrim bilan emas, muloqot va oʻzaro hurmat orqali hal etishga intilaylik. Oilani saqlab qolish — bu faqat shaxsiy masala emas, balki jamiyat oldidagi masʼuliyat hamdir.



