#Sessiya Kengash sessiyasida muhim qarorlar muhokamasi
2025-12-30 17:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha, Xalq deputatlari Toshkent tumani Kengashining navbatdagi VII chaqiriq XV sessiyasida tuman hayoti uchun ahamiyatli boʻlgan bir qator masalalar koʻrib chiqildi. Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, moliyaviy barqarorlik va boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga qaratildi.
Jumladan, 2026-yil uchun Toshkent tumanining mahalliy byudjeti muhokama qilinib, uni tasdiqlash masalasi yuzasidan tuman hokimining birinchi oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Raximjon Rixsiyev hisobot berdi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslar uchun belgilanadigan bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar toʻgʻrisida tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Sanjar Abduvaliyev axborot taqdim etdi.
Sessiya davomida Xalq deputatlari Toshkent tumani Kengashi raisini saylash masalasi ham koʻrib chiqilib, ushbu masala yuzasidan tuman hokimi Sardorbek Ergashev axborot berdi. Muhokamalar ochiqlik va masʼuliyat ruhida oʻtib, qabul qilingan qarorlar tumanning kelgusi rivojiga xizmat qilishi qayd etildi.
