TOZA HAVO, SUV VA SOGʻLOM EKOLOGIK MUHIT UCHUN BIRLASHAMIZ!
2025-12-03 15:55:00 / Majlislar

#Amaliy_seminar
TOZA HAVO, SUV VA SOGʻLOM EKOLOGIK MUHIT UCHUN BIRLASHAMIZ!
Toshkent tumanida atrof-muhitni ifloslanishdan muhofaza qilishga qaratilgan navbatdagi muhim amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Toshkent tumani hokimligi tashabbusi bilan tashkil etildi. Seminarda tijorat banklari vakillari, issiqxona egalari, filtr ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, mahalla raislari hamda hokim yordamchilari ishtirok etdi.
Shuningdek, vaziyatdan kelib chiqqan holda ekologik xavfsizlik masalalarida muhim oʻrin tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlari, tuman prokurori hamda IIB boshlig'i ham tadbirda qatnashib, huquqiy tartibotni taʼminlash va ekologik nazoratdagi vazifalar yuzasidan oʻrtoqlashdilar.
Tuman hokimi Sardorbek Ergashev oʻz chiqishida issiqxona egalari zimmasidagi masʼuliyatga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, filtr oʻrnatmasdan faoliyat yuritib, havo sifatiga putur yetkazayotgan har qanday issiqxona xoʻjaligiga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi, zarurat tugʻilganda esa tarmoqdan uzilishgacha borilishi qatʼiy tarzda taʼkidlandi.
Seminarning asosiy maqsadi - Prezident Administratsiyasi rahbarining topshiriqlaridan kelib chiqib, issiqxona egalari oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirish, atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarni mustahkamlash, hamda havo ifloslanishining oldini olish boʻyicha tizimli choralarni amalga oshirishdan iborat.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan zamonaviy filtr texnologiyalari, havo tozaligiga taʼsir etuvchi omillar, minimal chiqindili ish uslublari va ekologik talablarga rioya qilish masalalari boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Ekologik barqarorlik - bu faqat davlat yoki tadbirkorning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi. Toshkent tumanida oʻtkazilgan mazkur seminar shu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
Toza havo, toza suv va sogʻlom muhit - kelajak avlodlarimizga qoldirishimiz lozim boʻlgan eng katta merosdir.
