SHAHRISABZ SHAHAR PROKURORI RAVSHAN XURRAMOVNING SHAHAR AHOLISIGA MUROJAATI
2025-07-08 22:30:00 / Yangiliklar
Hurmatli hamshaharlar, shahrimiz mehmonlari!
Joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarga asosan, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Bu boradagi faoliyatimizni tubdan yangicha tashkil etib, oqibatlarni bartaraf etishdan ko‘ra, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralarni ko‘rishga ustuvorlik berdik.
Bunda har bir korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar kesimida 3 ta yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi:
🔹 Birinchi yo‘nalish — mahalla darajasiga tushib, maishiy va tizimli korrupsiyaviy omillarni chuqur o‘rganib, faoliyatni raqamlash;
🔹 Ikkinchi yo‘nalish — sog‘liqni saqlash, ta’lim, kadastr va qurilish tashkilotlari xodimlarini elektron platforma orqali ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish hamda ularni “halollik vaksinası” bilan emlash;
🔹 Uchinchi yo‘nalish — ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali jamoatchilik nazoratini kengaytirish va korrupsiyaga toqat qilmaydigan yangi avlodni tarbiyalash yo‘lida halollik g‘oyalarini targ‘ib qilish.
O‘tgan davrda:
✅ Korrupsion jinoyatlarning oldini olish maqsadida 200 ga yaqin targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi;
✅ Maishiy korrupsiya holatlari 80 marotaba mehnat jamoalari ishtirokida muhokama qilindi;
✅ Noqonuniy qurilish va yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlarini oldindan aniqlash uchun maxsus elektron dastur ishlab chiqildi;
✅ Davlat xaridlari jarayonlarida tejamkorlik va samaradorlikka erishish, ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni cheklash bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatildi;
✅ Sog‘liqni saqlash sohasida anonim fikr qutilari joriy etildi;
✅ Bandlik sohasida ishga qabul qilish ochiq tanlov orqali amalga oshirilmoqda;
✅ Barcha davlat idoralarida korrupsiyaga oid murojaatlarni qabul qiluvchi “Ishonch telefonlari” va Telegram botlar ishga tushirildi.
Kelgusida ham korrupsiyaga qarshi kurashish va bu salbiy illatga barham berish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rib boriladi.
Shu bois, hurmatli yurtdoshlar, prokuratura organlari sizlarni korrupsiyaga qarshi kurashishda faol hamkorlikka chorlaydi.
Shuni alohida ta’kidlaymizki: jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor munosabat bildiriladi va jinoyat sodir etgan har bir shaxsga nisbatan Qonun ustuvorligi — Jazoning muqarrarligi ta’minlanadi.

