“Mahalla ligasi” – sog‘lom turmush tarzi va jamoaviy sportni targ‘ib etishda yangi yondashuv
2025-07-17 10:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Sport vazirligi, Mahallalar uyushmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamda Yoshlar ishlari agentligining masʼul xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 dekabrdagi PQ–421-son qarori 9-bandiga muvofiq, Mahallalar uyushmasi, Sport vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi va “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida:
• “Mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda, har bir mahalla aholisini mahalla hududidagi mavjud sport infratuzilmasi va umumtaʼlim maktablari sport inshootlarida jamoaviy sport turlari bilan shug‘ullanishga jalb qilish;
• mahallalar o‘rtasida “Mahalla ligasi” sport musobaqalarini tashkil etib borish vazifalari belgilangan.
Yig‘ilishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.
Maʼlumot uchun: “Mahalla ligasi” sport musobaqalarining asosiy maqsadi:
• mahallalarda istiqomat qiluvchi 30 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida sport bilan muntazam shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yish mexanizmini yaratish;
• yoshi katta avlodning yoshlarga namuna bo‘lishini taʼminlash;
• jamiyatda sport va sog‘lom turmush tarziga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishdan iborat.
Musobaqalar may – avgust oylarida uch bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich — Sektor (mahalla) bosqichi:
• har bir mahallada jamoa shakllantiriladi.
• Maʼlumot uchun: 9008 ta mahalla jamoasi “Mahalla ligasi” musobaqalarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
2-bosqich — Tuman (shahar) bosqichi:
• iyun-iyul oylarida o‘tkaziladi.
• har bir mahallada shakllangan jamoalar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etiladi.
3-bosqich — hududiy bosqich:
• avgust oyida o‘tkaziladi.
• tuman (shahar) bosqichida 1-o‘rinni egallagan jamoalar qatnashadi.
• Maʼlumot uchun: 208 ta tuman va shahar g‘oliblari o‘rtasida 14 ta hududda musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Hududiy final bosqichi g‘olib va sovrindor jamoalari O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi hamda Sport vazirligi tomonidan I, II, III darajali diplomlar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.


