Toshkentda VII O‘zbekiston gidlar forumi-2024 o‘tkazildi
2024-02-21 14:25:00 / Yangiliklar

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘ratbay Sharipov, Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davruqov, va Turkiya Saljuqiy universiteti prorektori Emrulla Eken so‘zga chiqdi.
“Davlatimiz rahbari tomonlaridan respublika turizm sohasini jadal ravnaq toptirish, unga iqtisodiyotni rivojlantirishning strategik vektorini berish borasida olib borilayotgan ulkan sa’y-harakatlarni alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun viza rejimi soddalashtirildi. Hozirda viza rejimi soddalashtirilgan davlatlarning soni 93 taga yetdi.
Sohadagi islohotlar sabab, 2023 yilda yurtimizga xorijdan 7 mln yaqin turist keldi. Ularning qolish muddati o‘rtacha 4 kungacha uzaydi (1,3 barobar o‘sish).
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturiga asosan hududlarga 21 mln mahalliy sayyoh tashrifi tashkil etildi (20% o‘sish)”, - deya ta’kidladi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev tadbirning ochilish marosimida.
Forumdan ko‘zlangan maqsad ekskursiya sohasida tajriba va bilim almashish, turizm industriyasining muhim yo‘nalishlaridan birini rivojlantirishning dolzarb masalalari va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, o‘zbekistonlik va xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Forum doirasida “Ekskursiya faoliyati: ta’lim, fan va amaliyot simbiozi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi va unda turizm sohasining taniqli olimlari, ekspertlari va tahlilchilari ma’ruza qildilar. Forum doirasida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan Turkiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning turli ta’lim va turizm tashkilotlari o‘rtasida bir qancha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.


