Surxondaryo delegatsiyasi Yaponiyada
2023-12-04 10:25:00 / Yangiliklar
Noyob buddaviylik arxeologik yodgorliklariga ega Surxon vohasi Yapon halqida katta qiziqish uyg‘otib keladi. O‘zbek-yapon arxeologlarining qo‘shma ekspeditsiyasi olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, qadimgi Surxondaryo hududida rivojlangan Kushon podsholigining davlat dini – buddaviylik O‘rta Osiyo xalqlari milliy qadriyatlari va an’analari bilan boyigan holda Sharqiy Turkiston, Xitoy va Koreya orqali Yaponiya orollariga ham tarqagani aniqlangan. Shuningdek, an’ana va qadriyatlarimizning yaqinligi ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik rishtalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Tarixiy yaqinlik rishtalari uzoq o‘tmishga borib taqaladigan Yapon xalqi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yish viloyatning savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-investitsiyaviy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya safarning ilk kunida “Japan Sonservation Engineers & So., Ltd.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, janubiy vohada sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi yerlarini yuqori konsentratlangan fulvokislotadan foydalangan holda yaxshilash texnologiyasini qo‘llash loyihasini muhokama etdi. Muloqotda o‘tgan yili mazkur kompaniya bilan Sherobod tumanida entomolog-agronomlar ishtirokida bir gektar kuchsiz (o‘rta) sho‘rlangan paxta maydonida o‘tkazilgan sinov ijobiy samara bergani qayd etilib, “Fujimin” preparatini mosh, paxta va g‘alla yetishtirishda qo‘llash yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.
Ulug‘bek Qosimovning “Ventforet Kofu Sport” klubi prezidenti Satoru Sakuma bilan uchrashuvi ham samarali bo‘ldi.
Joriy yilning iyun oyida “Surxon” va Yaponiyaning “Ventforet Kofu” futbol klublari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan Surxondaryo viloyati hokimi Osiyoda sportning futbol turi bo‘yicha yuqori salohiyatga ega Yaponiya tajribasini voha yoshlariga o‘rgatib, viloyatda futbolni rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish taklifini ilgari surdi.
Muzokara yakunida Surxondaryo viloyatida futbol akademiyasini tashkil etib, futbol maktablarini rivojlantirish, Yaponiyadan futbolchi va trenerlar yuborishga ko‘maklashish, “Surxon” va “Vanfore Kofu” futbol klublari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish, o‘yinchilarni almashish, akademiyalarda o‘qishni yo‘lga qo‘yish, o‘yinchilar va trenerlar almashinuvini joriy etishga kelishildi.
Tokio shahrida “Alpha Kokusai Gakuin” instituti rahbariyati va boshqa rasmiylar bilan uchrashuida Termizda Alpha Kokusai Gakuin instituti hamkorligida Yaponiya-O‘zbekiston texnologik universitetini tashkil etishga kelishildi. Yangi oliy ta’lim muassasasiga Alpha Kokusai Gakuin institutining 15 dan ortiq yapon mutaxassisi jalb etilib, Yaponiya ta’lim standarti o‘quv dasturlari asosida qishloq xo‘jaligi, tibbiyot hamshirasi, stomatologiya, mehmonxona va servis, qurilish sohasi, avtomobilsozlik yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Universitet Termiz xalqaro savdo markazi hududida faoliyat yuritadi. Ta’lim davomiyligi 4 yil bo‘lib, talabalar dastlabki 2 yil Termizda til va tanlangan yo‘nalish bo‘yicha ta’lim oladi. Keyingi ikki yilda o‘qish Yaponiyada davom ettirilib, talabalar o‘z sohasi bo‘yicha korxonalarda ish haqi to‘lanadigan amaliyotni o‘taydi.
Uchrashuvlarda qurilish va arxitektura, sog‘liqni saqlash va telemeditsina yo‘nalishlarida yapon kompaniyalari bilan hamkorlik qilish masalalari ham muhokama etildi.
Surxondaryo viloyati delegatsiyasining kunchiqar mamlakatga safari davom etmoqda.