Surxondaryo viloyati hokimi rahbarligida navbatdagi “Hokimlik soati” o‘tkazildi
2023-11-20 14:35:00 / Yangiliklar
Surxondaryo viloyati hokimi rahbarligida navbatdagi “Hokimlik soati” o‘tkazildi. Viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari studiyalari orqali mutasaddilar bilan davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifida belgilab berilgan vazifalar ijrosi, ijro intizomi, mahalliy byudjet tushumlarining bajarilishi, aholiga ko‘mir yetkazilishi holati, “Yashil makon”, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi hamda qishloq xo‘jaligi masalalari muhokama qilindi.
- Prezidentimiz viloyatimizga tashrifida bizning oldimizga aholi turmush farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali ularning bandligini ta'minlash masalasini asosiy vazifa sifatida belgilab berdilar. Men boshchiligimda barcha shahar va tumanlar hokimlari zimmamizga yuklatilgan ushbu vazifani sifatli bajarishimiz, investisiyalarni jalb qilgan holda yirik loyihalarni ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishimiz lozim – deya ta'kidladi, viloyat rahbari muhokama avvalida.
Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan mas'ullarga vazifalar belgilab berildi. Tarmoq va hududlar rahbarlariga ishlab chiqilgan yirik loyihalarning muddatida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash, har bir topshiriqda ijro intizomiga qat'iy rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish topshirildi.