Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida Jamoatchilik kengashi ish boshladi
2024-12-18 09:05:00 / Yangiliklar
Tadbirda jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, ma’rifatli jamiyatni qurishda ma’rifatli onalarning rolini keng targ‘ib qilish, ezgu g‘oyalar tashviqotini kuchaytirish, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida ilmiy soha, adabiyot, san’at, ma’naviyat, madaniyat va vakillari faollaridan tarkib topgan Jamoatchilik kengashi tashkil qilingani e’lon qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ta’kidlaganidek: “Mazkur jamoatchilik kengashi mavjud ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyat taqozo etayotgan ob’yektiv zarurat hisoblanadi va o‘z oldiga qator ezgu maqsad va vazifalarni qo‘ygan.
Zero, globallashuv davrida “jaholatga qarshi faqat ma’rifat” va kuchli g‘oyalar vositasida kurashib, olg‘a borish mumkin. Zero, mafkurasi, ma’naviyati, milliy g‘oyasi qudratli bo‘lgan xalq taraqqiy etadi.
Bugun oila va ayol ma’naviyati, yosh qizlar tarbiyasi, xotin-qizlarning salohiyati va ma’rifatini oshirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash borasida yangicha yondashuvlar zarur.
Davlatimiz Rahbari aytganlaridek: “Xotin-qizlar va oila masalasi-bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir...”
Tadbir jarayonida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi shoira va adiba Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan takror-takror e’tirof etilganidek, ma’rifatli jamiyatga ma’rifatli, kitob o‘qishni o‘z hayotiy a’moliga aylantirgan ayollar bilan erishiladi. Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar. Shu bois ham bugun yurtimizda xotin-qizlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishi va barcha sohalarda o‘zini ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Tadbirda “O‘zbekiston Qahramoni”, adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov, adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharifa Salimova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining maslahatchisi, Jamoatchilik kengashi raisi - Dilbar Gʻulomova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosarlari Minxojiddin Mirzo va Farida Bo‘tayeva (Farida Afro‘z), jamoatchilik kengashi a’zolari, Qo‘mita mas’ul xodimlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ul xodimlari “Oqila ayollar” harakati a’zolari, olimalar, ijodkorlar, qator vazirliklar va ularning tizim xodimlari, Oliy ta’lim muassasalarining xotin-qizlar maslahat kengashi raislari ishtirok etdilar.
Shuningdek, barcha hududlardan ZOOM platformasi orqali ma’rifatparvar ayollar ishtirok etishdi.