Ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslar bildirildi
2024-12-14 08:45:00 / Majlislar
O‘zbekiston – ijtimoiy davlat. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ushbu tamoyil asosida mehr va ko‘mak tizimi aholiga yaqinlashtirilmoqda. Barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, 102 ta ijtimoiy xizmat mahallalarda yo‘lga qo‘yildi. Ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 ming nafari protez oldi. Yotib qolgan 4 ming yolg‘iz keksa aniqlanib, ularga uyining o‘zida parvarish tashkil etildi. Nogironligi bor 5 ming nafar bola bog‘cha-maktabga joylashdi.
Bunday manzilli ishlar tufayli xalq qabulxonalari va hokimliklarga ijtimoiy xizmat va yordam bo‘yicha murojaatlar 35 foiz kamaygan.
Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yildi. Natijada bu oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi. 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Lekin ayrim joylarda ish to‘g‘ri tashkil qilinmagan holаtlar ham bor. Masalan, 184 nafar rahbar o‘zi mas’ul bo‘lgan kambag‘al oila uyiga biror marta bormagan. Nogironligi bor shaxslarning bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida bu ko‘rsatkich ancha kam. Kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy muassasa loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagan.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslarni aytdi.
Kelasi yil 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada yaxshi tajribalar bor. Masalan, Toyloq va Kosonsoy tumanlarida “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berilgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani o‘rganib, har bir tumanda joriy etish topshirildi.
Shuningdek, kelasi yili kambag‘allik yuqori mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.
Kambag‘al oila farzandlarining o‘qib, hayotini o‘nglashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, 118 ming yoshlar chet tili, axborot texnologiyalari va kasb-hunarga o‘qitiladi. Bu to‘garaklar xarajati 80 foizgacha budjetdan qoplanadi. 2025-yilda 3,5 ming nafar shunday farzandlar oliy ta’limga grant asosida qabul qilinadi.
Kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan 23 ming nafar odamga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki bolalari qarab o‘tiribdi. Yanvardan ularning 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarash yo‘lga qo‘yiladi. Natijada bu bilan band bo‘lgan 15 ming aholining qo‘li bo‘shab, ishlashi mumkin bo‘ladi. Bunday xizmatni ko‘rsatgan xususiy sektorga oila xarajatining 80 foizini davlat to‘lab beradi. Bu tajriba avval Toshkent shahrida, viloyatlarda yil yakunigacha yo‘lga qo‘yiladi.
Kambag‘al oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj. Shu bois kelasi yili muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i esa kambag‘al oilalarning yashash sharoitini yaxshilash va daromadini oshirishga sarflanadi.
Hozirgi kunda fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni olib yurishga majbur. Endi bularning o‘rnini bosadigan bitta – “ijtimoiy karta” joriy etiladi. U bilan bilan jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.
Bu tizim 1-iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi, keyinchalik hamma joyda qo‘llanadi.
Yig‘ilishda nogironlikning sabablari, ularga yordam berish masalalari tahlil qilindi. 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish qamrovi juda kamligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi. 7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mutaxassislar malakasi oshiriladi.
Nogironlikning ayrim turlarida uy sharoitida bajarsa bo‘ladigan mashqlarni o‘rgatish orqali ham bemor sog‘lig‘ini tiklash mumkin. Shuning uchun ularga shunday mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusi tarqatiladi. Endi reabilitatsiya samarasi nogironligi borlarning harakati va muloqotidagi o‘zgarishga qarab baholanadi, shundan kelib chiqib shifokorlarga ustama beriladi.
Bugunga kelib, nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 30 taga, mablag‘i esa 1,5 barobarga oshirildi. Buning evaziga yil boshidan 100 ming odamning ehtiyoji ta’minlandi.
Endi bunga yana 7 turdagi vositalar qo‘shilishi ma’lum qilindi. Bu orqali 2025 yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalari yetkazib beriladi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga, bu yil tadbirkorlar nogironligi bor 40 ming fuqaroni ishga olgan. Buni yanada kengaytirish uchun 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.
Korxonalarga surdo-tarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlarga hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million so‘mgacha grant beriladi. Bu imkoniyatlar natijasida yana 80 ming nogironligi bor odamni ish bilan ta’minlash mumkinligi aytildi.
Og‘ir vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa-da, o‘zida kuch topib, hayotini o‘zgartirgan matonatli insonlar oramizda ko‘p. Ularni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatish, qahramonligi haqida hujjatli va badiiy filmlar suratga olish kerakligi ta’kidlandi.
Dunyoda nogironligi bor insonlarga to‘g‘ri keladigan 100 dan ortiq sport turi bor. Lekin bizda faqat 22 tasi bo‘yicha tibbiy xulosa beriladi.
Endi xalqaro andozalar asosida nogironligi borlarga tavsiya etiladigan sport turlari kengaytiriladi. Ularning bunga layoqati kasallik turiga qarab avtomatik belgilanadi. Bu yo‘nalishdagi sport murabbiylari oyligi 1 yanvardan 1,5 barobar oshiriladi. Hududlardagi 130 ta sport maktabi, 90 ta maxsus ta’lim muassasasi va 29 ta “Muruvvat” uyidagi maydonlar adaptiv sport turlariga moslashtiriladi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda adaptiv sport qamrovini 1,6 barobar oshirib, 45 ming nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Nogironligi bor bolalarni ta’lim bilan qamrab olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhi ochiladi. Harakati cheklangan bolalarning maktabga kelib-ketish xarajatining 75 foizini qoplash tizimi joriy qilinadi. 1 sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bolaning ta’limiga sharoit yaratiladi.
Bu yil Mehribonlik uylari va maxsus o‘quv muassasalaridan 300 nafar o‘g‘il-qiz oilaviy muhitga qaytgan. Ushbu tajriba asosida yana 500 nafar bolani mas’ullarga biriktirib, oilaviy bolalar uyiga va maktabga joylashtirish muhimligi aytildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, ijtimoiy soha vakillarining takliflari eshitildi.