Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Chungchongnam-do provinsiyasidagi Sun Moon universitetida bo‘ldi
2024-12-03 09:35:00 / Yangiliklar
Dastlab universitet prezidenti Mun Seong Je bilan uchrashuv o‘tkazildi. Samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston, xususan, Farg‘ona viloyati bilan ta‘lim sohasida hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani qayd etildi.
Universitetda bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlari bo‘yicha 9205 nafar talaba tahsil olmoqda, ularning 12 foizini xorijiy fuqarolar tashkil etadi. Xususan, O‘zbekistondan bugungi kunda 261 nafar talaba bor. Bu yerda masofaviy ta‘lim va xalqaro almashinuv dasturlari mavjud.
Ta‘lim muassasasi dunyoning 37 davlatidagi 117 ta universitet bilan hamkorlik shartnomalariga ega. Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti tomonidan 2022-yildan buyon 3+1 dasturi orqali jami 300 nafarga yaqin talabalar Sun Moon universitetida tahsil olmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov universitetda tahsil olayotgan farg‘onalik yoshlar bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov ishtirok etdi.
Viloyat rahbari ilm olish, bilimli, salohiyatli mutaxassis bo‘lish inson hayotida muhim o‘rin tutishini ta‘kidlab, o‘zbekistonlik yoshlar ham bunga astoydil intilayotganini, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olayotganlar safi ko‘payib borayotganligi haqida so‘z yuritdi. Vatanparvar, yuksak ma‘naviyatga ega, milliy qadriyatlarga sodiq yoshlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari, taraqqiyotning etakchi kuchi ekanligini bildirib, talabalarga omad, muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuvda talabalar ham o‘zlarining samimiy dil so‘zlarini bildirdi.