Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Koson tumanida o‘rganish o‘tkazdi
2024-12-03 09:25:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 122-son qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlarning holati bilan tanishdi.

Dastlab tumandagi “Bunyodkor” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Botir” xususiy korxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Korxona mas’ullari bilan muloqot qilib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.
Korxonada 14 nafar xotin-qizlar faoliyat olib bormoqda. Ulardan 4 nafari "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlardir.
Bosh vazir o‘rinbosarining navbatdagi manzili “Paxtazor” mahallasi tomon bo‘ldi. Hududdagi 40 nafarga yaqin xotin-qizlarning bandligini ta’minlagan Abbos Rahmonov korxonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda turli xil bosh kiyimlari ishlab chiqariladi va mahalliy hamda qo‘shni viloyatlar bozorlariga yetkazib beriladi.

