“Made in Uzbekistan”: Ko‘rgazmaning o‘zaro hamkorlikni mustahkamlovchi yangi bosqichlari
2024-11-25 12:00:00 / Yangiliklar
Unda ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan paxtachilik, sabzavotchilik, g‘allachilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qator ishlanmalar hamda 83 turdagi sanoat mahsulotlari taqdim etildi.
“Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari J. Xodjayev va Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari Ataguliyev ishtirokida ko‘rgazmaga tashrif amalga oshirildi. Delegatsiyalar ilm-fan yutuqlari va qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Mehmonlarda ayniqsa danakli yog‘lar, sublimatsiya usulida quritilgan mevalar va sabzavotlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun ishlab chiqarilgan yuqori sifatli urug‘lar katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu mahsulotlar nafaqat O‘zbekistonning ilmiy salohiyati, balki qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyatlarini ham namoyish etdi.
Ko‘rgazma davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi. Qishloq xo‘jaligida ilm-fan va sanoat uyg‘unligini kuchaytirishga doir bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, urug‘chilik sohasida ilmiy markazlar va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar loyihalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, forum davomida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida bir nechta muhim bitimlar imzolandi. Bu bitimlar nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki oziq-ovqat sanoati va texnologik ishlanmalarni qo‘shma rivojlantirish sohalarini qamrab oldi. Jumladan, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan sublimatsiyalangan mahsulotlar eksportini kengaytirish va turkman bozoriga yangi turdagi urug‘lar yetkazib berish yuzasidan kelishuvlar amalga oshirildi.