Agrar ta’lim sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
2026-10-29 10:00:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi ta’limi, ilm-fan va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, mavjud tajribalarni kengaytirish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi agrar ta’lim sohasidagi hamkorlikning muhim natijalaridan biri bo‘lgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti (International Agriculture University – IAU) faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumki, 2022-yil iyun oyida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan bo‘lsa, o‘sha yilning sentabr oyida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘z faoliyatini boshladi.
Bugungi kunda universitetda ta’lim ingliz tilida, Britaniya ta’lim standartlari asosida olib borilmoqda. RAU tomonidan IAU ta’lim dasturlarining tasdiqlanishi esa talabalarga xalqaro talablarga mos bilim olish va nufuzli xorijiy universitet diplomi sohibi bo‘lish imkonini bermoqda.
Uchrashuvda shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va hamkorlikning amaliy samaralari e’tirof etildi. Tomonlar universitet faoliyatini yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini ta’minlash, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar hamda akademik tajriba almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston tomoni ushbu hamkorlikni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvning yana bir muhim jihati – joriy haftada Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bitiruvchilariga Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti diplomlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tishidir. Professor Piter Makkafferining Toshkentga tashrifi aynan ushbu muhim voqea bilan ham bog‘liq.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida agrar ta’lim sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti faoliyatini yanada rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish borasida kelishib oldilar.

