Toshkent viloyati va Belarus sanoat-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
2026-10-27 11:10:00 / Taqdimotlar

Ayni kunlarda xizmat safari bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida V. Karankevich Toshkent viloyati delegasiyasini Belarus diyoriga tashrifi bilan samimiy qutladi.
Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining samimiy do‘stlik va ishonchga asoslangan munosabatlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Viktor Karankevich Belarus Respublikasi hukumatining sanoat, energetika, o‘rmon xo‘jaligi va ilm-fan sohalariga mas’ul rahbarlaridan biri hisoblanadi. Uning mazkur yo‘nalishlardagi faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Muloqot davomida Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda sanoat kooperasiyasini kengaytirish, ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investisiyalarni jalb etish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari diqqat markazida bo‘ldi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va yangi tashabbuslarni amaliy natijalar bilan mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

