MACGA LLC vakili bilan hamkorlikni muhokama qilindi
2026-10-23 14:05:00 / Yangiliklar

MACGA LLC tashabbusi AQSHda yetishtirilgan paxtani O‘zbekistonda chuqur qayta ishlash, mahalliy to‘qimachilik korxonalarida qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni Amerika bozoriga yetkazib berishga qaratilgan. Ushbu yondashuv AQSH paxta yetkazib beruvchilari, xaridorlari va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Loyiha doirasida ip-kalava, trikotaj va to‘qima matolar, uy to‘qimachiligi mahsulotlari hamda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bunda mahsulot turlarini Amerika bozoridagi talab, xaridorlar ehtiyoji va iqtisodiy samaradorlikdan kelib chiqib belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda viloyatda faoliyat yuritayotgan to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ularga yangi buyurtmalar jalb etish va tashqi bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarning sifatini xalqaro talablarga moslashtirish, yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish va aniq xaridorlar bilan ishlash muhimligi ta’kidlandi.
MACGA tashabbusi doirasida O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishish va o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash bo‘yicha ishlar ham olib borilmoqda. Xususan, 2026 yil oktyabr oyida Global Textile korxonalar guruhi va MACGA o‘rtasida 35 million dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov bunday hamkorlik tashabbuslari mahalliy korxonalar uchun yangi bozorlarni ochish, eksport hajmini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi buyurtmalarni jalb etish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish nuqtai nazaridan muhim ekanini qayd etdi.
Muloqot davomida takliflarni amaliy jihatdan o‘rganish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashtirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan amerikalik hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot eksportini kengaytirish va o‘zaro manfaatli savdo munosabatlarini shakllantirishga qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish va eksport salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, Buxoroda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni Amerika bozoriga yetkazib berish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Mazkur tashabbusning hayotga tatbiq etilishi viloyat to‘qimachilik sanoatiga yangi buyurtmalarni jalb qilish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda xalqaro savdo aloqalarini mustahkamlash uchun muhim imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.

