Yaponiya kompaniyasi bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-10-23 10:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or yapon texnologiyalarini joriy etish hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, yapon ishbilarmon doiralarining Farg‘ona viloyatiga qiziqishi ortib borayotgani, hududda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Yaponiyalik mehmonlar tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Farg‘onaazot” AJ hamda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishish, korxonalar rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish va hamkorlikda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat ekanini ma’lum qildilar. Shuningdek, mazkur korxonalar faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Viloyat hokimi ushbu ikki yirik sanoat korxonasi hudud iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, ularning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan investitsiya tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shuningdek, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda viloyat hokimligi tomonidan har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni izchil davom ettirish, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.
