Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda xalqaro hamkorlik
2026-10-23 09:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvlarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Natalya Petkevich bilan kechgan uchrashuv ayollar bandligini ta’minlash va mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish mavzusiga bag‘ishlandi. Tomonlar farzand parvarishidan so‘ng ayollarning kasbiy faoliyatga qaytishiga ko‘maklashish, shuningdek, ikki davlatning kasbiy ta’lim muassasalari va ish beruvchilari ishtirokida qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish masalasini muhokama qildi.
Turkiya Respublikasi Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mahinur O‘zdemir Go‘ktash xonim bilan uchrashuvda joriy yil 29–30-oktabr kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘tkaziladigan Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha Oliy faxriy kengashning birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning iqtisodiy ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda zo‘ravonlikning barcha turlariga qarshi kurashish borasida tajriba almashildi.
Serbiya Respublikasining gender tengligi va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha vaziri Tatjana Matsura bilan muloqot davomida 2027-yilda Belgrad shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Serbiya–O‘zbekiston ayollar biznes-forumi hamda “EXPO–2027” xalqaro ko‘rgazmasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Serbiya tomoni Nyu-York shahrida o‘tadigan BMTning Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining 71-sessiyasi (CSW71) doirasida amalga oshiriladigan loyihasida O‘zbekistonning ham ishtirok etishi va mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi yuzasidan taklif bildirdi.
Misr Prezidenti huzuridagi Onalik va bolalik masalalari bo‘yicha milliy kengash raisi Sahar Favzi al-Sonbati bilan muloqotda mehmonlar onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi mamlakatimiz tajribasiga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston tajribasini o‘rganish va mazkur sohada hamkorlik qilish maqsadida yo‘l xaritasini imzolash masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Misr tomoni erta nikohning oldini olish va oila institutini mustahkamlashda hamkorlik qilish taklifini bildirdi.
Uchrashuvlar yakunida O‘zbekistonning mazkur davlatlar bilan xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi amaliy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish ta’kidlandi.


