Farg‘ona tibbiyotiga ilg‘or tajribalar jalb etiladi
2026-10-12 11:35:00 / Yangiliklar

Sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratish xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada Saudiya Arabistonining yetakchi tibbiyot kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish Farg‘ona viloyati uchun ham istiqbolli ahamiyatga ega.
Saudiya Arabistoni Podshohligiga amaliy tashrifi doirasida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Ar-Riyod shahrida “Dallah Healthcare” kompaniyasi raisi Toriq Al-Qassobiy bilan uchrashdi.
Muloqot davomida viloyat delegatsiyasi kompaniyaning faoliyati, tibbiyot sohasidagi yutuqlari, zamonaviy shifoxonalarni tashkil etish va boshqarish borasidagi tajribasi bilan tanishtirildi.
1987-yilda tashkil etilgan “Dallah Healthcare” Saudiya Arabistonining sog‘liqni saqlash sohasidagi yirik xususiy kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda uning zamonaviy shifoxonalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida yiliga 3,7 milliondan ortiq bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Kompaniya nafaqat tibbiyot muassasalarini qurish va boshqarish, balki ilg‘or diagnostika va davolash texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish, telemeditsina hamda raqamli sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish borasida ham katta tajriba to‘plagan.
Uchrashuvda ushbu tajribalardan Farg‘ona viloyatida foydalanish imkoniyatlari, xususan, sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot markazlarini tashkil etish va sohada investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ayniqsa, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, yuqori texnologik tibbiy yechimlarni joriy etish hamda xususiy tibbiyot imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Muloqot yakunida hamkorlikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishildi.


