Buxoroda paxta klasteri rivojlantiriladi
2026-09-30 13:15:00 / Yangiliklar

Qayd etish joiz, viloyatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish hamda xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlarni amaliy natijaga aylantirish maqsadida 2025-yilning 12–19-iyun kunlari viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari tashkil etilgan edi.
Tashrif davomida Xitoyning qator shaharlari rahbariyati, tegishli idoralar va yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, investisiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, delegatsiya tashrifi doirasida “Lihua Group” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishilib, to‘qimachilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi. Kelishuvga muvofiq, Shofirkon tumanidan 20 ming gektar, Romitan tumanidan 9 ming gektar cho‘l yerlarini o‘zlashtirish orqali paxta sanoatining to‘liq zanjirini qamrab oluvchi yirik klaster tashkil etish rejalashtirilgan.
Ayni paytda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “Jemchujina Romitan” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Hozirga qadar “Qoqishtuvon” hududi “Ernafas Xo‘jayev” massivida jami 2 ming gektar yer maydoni o‘zlashtirildi va uning 300 gektariga paxta ekildi.
Shu bilan birga, yil yakuniga qadar o‘zlashtirilgan yer maydonlarini 5 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda esa o‘zlashtirilgan barcha yer maydonlarida paxta ekish ishlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Hozirda Shinjon texnologiyalari asosida, jumladan, plyonka ostida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvda belgilangan vazifalarning ijrosi, mavjud muammolarni bartaraf etish va loyihani keyingi bosqichlarga olib chiqish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bu borada mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

