Turk investorlari ishtirokida istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi
2026-09-22 09:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda tibbiyot, raqamlashtirish, logistika, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va zamonaviy bog‘lar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, Farg‘onada aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida dializ markazi tashkil etish, yirik logistika va transport majmuasini barpo etish, mevalarni qayta ishlash loyihalarini yo‘lga qo‘yish rejalari, bu boradagi ishlarning bugungi holati haqida ma’lumot berildi.
Muloqotda qandli diabet va ko‘z kasalliklarining oldini olish hamda davolash, tibbiyot tarmoqlarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, raqamlashtirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya tarkibidagi Turkiya, shuningdek, AQSH, Fransiya va Rossiya kabi davlatlarda faoliyat yuritayotgan tajribali turk mutaxassislarining ishtiroki loyihalarni muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlashdagi muhim omil sifatida qayd etildi.
Viloyat hokimi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni tezroq amalga oshirish zarurligini va belgilangan tartibda yaqindan ko‘mak berishga tayyorligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikdagi chora-tadbirlar kelishib olindi.

