Farg‘ona va Nonsan: agrotexnologiyalardan innovatsiyalargacha yangi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi
2026-09-16 10:15:00 / Yangiliklar

Muloqotda ikki hududning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, mavjud tajribalardan samarali foydalanish va aniq loyihalarga asoslangan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Viloyat hokimi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ayni kunlarda Koreya Respublikasiga amalga oshirayotgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlab, o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.
Nonsan — qishloq xo‘jaligi va sanoatni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un rivojlantirayotgan Koreya shaharlaridan biri. Ayniqsa, shahar qulupnay yetishtirish bo‘yicha mamlakatda keng tanilgan. Bu yerda mahsulot yetishtirishning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, agrotexnologiyalarni joriy etish, qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat yaratish va tayyor mahsulotni bozorga olib chiqishga kompleks yondashilmoqda. 2027-yilda shaharda Nonsan World Strawberry Industry Expo — Nonsan jahon qulupnay sanoati ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Uchrashuvda aynan shu tajriba Farg‘ona viloyati uchun ham qiziqish uyg‘otishi qayd etildi. Viloyatning qishloq xo‘jaligi salohiyatini Nonsanning agrotexnologik yechimlari bilan bog‘lash, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, zamonaviy issiqxona va intensiv yetishtirish texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, Nonsanning qulupnaychilik sohasidagi ilg‘or tajribasi asosida Farg‘onada zamonaviy ko‘chatchilik va intensiv yetishtirish markazini tashkil qilish taklifi bildirildi.
Farg‘onalik yosh mutaxassislarni Nonsanga qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish, koreyalik mutaxassislarni Farg‘onaga taklif etish, universitetlar va ilmiy markazlar o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.
Nonsan taraqqiyotining yana bir muhim jihati — iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va turizmni yagona rivojlanish zanjiriga birlashtirishga qaratilgan yondashuvdir. Ayni paytda shaharning yangi iqtisodiy strategiyasida mudofaa sanoati, sun’iy intellekt va ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlari — R&D yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatida investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, sanoat va agrar sohada amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Muloqot yakunida Farg‘ona va Nonsan o‘rtasida tadbirkorlar hamda sohaviy tashkilotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini kengaytirish, o‘zaro tashriflarni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish muhim ekani ta’kidlandi. "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilib, amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi.


