Farg‘ona viloyati va SeoulTech universiteti o‘rtasidagi hamkorlik hudud rivojiga xizmat qiladi
2026-09-09 11:15:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov universitet prezidenti Kim Dong Xvan bilan uchrashdi. Muloqotda Farg‘ona viloyati va SeoulTech o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini samarali amalga oshirish masalalari xususida fikr almashildi.
Universitet prezidenti Kim Dong Xvan ta’lim sohasidagi hamkorlik ikki hududning rivojiga xizmat qilishini ta’kidlab, Farg‘ona viloyati bilan bu yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan aloqalar kelgusida muhim natijalar berishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, joriy yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi unda katta taassurot qoldirganini qayd etdi.
Uchrashuvda SeoulTech universitetining ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi faoliyati haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, universitet aniq fanlar, zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgani, ularda talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Bunday hamkorlik talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va kelgusida ularning bandligini ta’minlashga ham xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov nufuzli universitet bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va IT yo‘nalishlarida SeoulTech tajribasini Farg‘ona viloyati oliy ta’lim muassasalari bilan keng tatbiq etish, yoshlarning ilg‘or bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallashi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
SeoulTech — Janubiy Koreyaning muhandislik, axborot texnologiyalari va texnologik ta’lim yo‘nalishlariga ixtisoslashgan davlat universitetlaridan biri. 115 yillik tarixga ega oliy ta’lim muassasasida bugungi kunda qariyb 14 ming nafar talaba, jumladan, 2 mingdan ziyod xorijlik yoshlar tahsil olmoqda. Xususan, O‘zbekistondan 29 nafar talaba bor.
Farg‘ona viloyati va SeoulTech o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda SeoulTech o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan. Shuningdek, Farg‘ona davlat texnika universiteti va SeoulTech o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum mavjud.
Uchrashuvda mazkur kelishuvlar doirasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, zamonaviy muhandislik, IT va texnologik yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sun’iy intellekt, Ay-Ti va boshqa yo‘nalishlarda ham aloqalarni faollashtirishga kelishildi.


