Investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi bilan tanishildi
2026-08-26 09:40:00 / Yangiliklar

“Samo Techno” MCHJning qiymati 10 mln dollar bo‘lgan “HANSON” milliy brendi ostida ofis texnikasi va hisoblash mashinalarini ishlab chiqarish hamda yig‘ish korxonasi ko‘zdan kechirildi.
Korxona 2025-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, unda 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 ming dona mahsulotni, mahalliylashtirish darajasi esa 35 foizni tashkil etadi.
Kelgusida ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar turini ko‘paytirish maqsadida quvvat bloklari hamda mikrosxemalarni mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
“Neo Med Cardio” MCHJning qiymati 20 mln dollarlik zamonaviy klinika faoliyatini kengaytirish loyihasi taqdim etildi.
Klinika 2025-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, loyiha doirasida 200 ta ish o‘rni yaratilgan.
Klinika yiliga 10 000 nafar bemorga statsionar, 100 000 nafar bemorga ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda 200 ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Komissiya “Savdo va servis” yuridik shaxslar birlashmasi huzuridagi “Savdo akademiyasi” o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Mahalliy chakana savdo bozori uchun noyob bo‘lgan ushbu markaz 2025-yilning IV choragida ishga tushirilgan bo‘lib, savdo sohasi uchun kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan.
Markazda 35 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, uning o‘quv quvvati yiliga 15 ming nafargacha tinglovchining malakasini oshirish va ularni o‘qitish imkonini beradi. Muvaffaqiyatli sinov davri yakunlariga ko‘ra, “Kassir-sotuvchi”, shuningdek, “Tovarshunos”, “Novvoy” va “Qassob” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yildi.
“Sovg‘alar” MCHJning qiymati 10 mln dollarlik zamonaviy “FLAGMAN” savdo markazi va uning hududida Oltin markazini tashkil etish loyihasi doirasidagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Loyiha doirasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, obyektni 2026-yilda to‘liq ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Tashrif davomida qurilish ishlarining bugungi holati, loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish hamda Oltin markazini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tashrif yakunida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.


