Muhim kelishuvlarga erishildi
2026-08-14 10:30:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida Degu–Kyonbuk EIZ rahbari janob Kan San Ki bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazilib, unda Navoiy viloyatining butun hududi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilangani hamda Karmana tumanida 50 gektar maydonda tayyor binolar ijarasini nazarda tutuvchi “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” tashkil etilgani taqdimot qilindi.
Muzokaralar davomida koreyalik mutaxassislar tajribasini Navoiyga tatbiq etish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, ikki EIZ direksiyalari o‘rtasida institutsional hamkorlik dasturini ishlab chiqish, “bir darcha” mexanizmini takomillashtirish uchun Degu–Kyonbukdan tajribali ekspertni Navoiyga taklif etish va “bir investor — bir menedjer” tizimini joriy qilishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo bozoriga chiqishga qiziqqan koreyalik kompaniyalar uchun Navoiyda manzilli investitsiya takliflarini tayyorlash hamda Navoiy EIZ direksiyasining yosh mutaxassislari uchun DGFEZ’da amaliy stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Muzokaralar yakunida viloyat hokimi DGFEZ rahbariyatini va koreyalik hamkorlarni Navoiy viloyatiga amaliy tashrif uchun taklif etdi.


