Buxoroda tizim xodimlari bilan ochiq muloqot o'tkazildi
2026-08-03 09:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv tizimning quyi bo‘g‘inidagi real vaziyatni tahlil qilish, mavjud muammolarning ildizini aniqlash va ularga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etildi.
Bosh vazir o'rinbosari har bir xodimning lavozim vazifalaridan kelib chiqib, kundalik faoliyatda uchrayotgan masalalar, mahallalarda oila va xotin-qizlar bilan ishlash jarayonidagi amaliy qiyinchiliklar, shuningdek, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslari bilan qiziqdi.
Ta’kidlanganidek, xotin-qizlar balansi statistik ma’lumotlar jamlanmasi bo‘lib qolmasligi, aksincha, har bir mahalladagi xotin-qizlarning ijtimoiy holati, bandligi, ehtiyoji, mavjud muammolari va imkoniyatlarini aniq ko‘rsatib beradigan amaliy boshqaruv vositasiga aylanishi muhim.
Bunday yondashuv muammolarni erta aniqlash, oldindan baholash va manzilli choralarni belgilash imkonini beradi.
“Har bir xodim o‘z lavozim mas’uliyatini chuqur his qilib, muammoga yuzaki emas, uning sabab va oqibatlarini tahlil qilgan holda yondashsagina, tizimda haqiqiy natija va o‘zgarish bo‘ladi” Dilnozaxon Kattaxonova
Muloqot yakunida bildirilgan ilg‘or taklif va tashabbuslarni amaliyotga izchil joriy etish, ko‘tarilgan masalalarga manzilli yechim topish hamda Buxoro viloyatida oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini yuqori saviyada ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.


