Fransiyaning “Orano” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi bilan uchrashuv
2026-07-14 15:55:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiy hamkorlik, xususan, hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Buxoro viloyatining sanoat salohiyati, ishlab chiqarish quvvatlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Viloyatda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy korxonalarni xalqaro taʼminot zanjiriga integratsiya qilish va istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat davomida Buxoro shahri Fransiyaning Rueil-Malmaison shahri bilan birodar shaharlar maqomiga ega boʻlib, ikki hudud oʻrtasida koʻp yillardan buyon doʻstona aloqalar rivojlanib kelayotganligi, Rueil-Malmaison shahrida buyuk alloma Abu Ali ibn Sino haykali oʻrnatilgani xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy, ilmiy va madaniy rishtalarning yorqin ifodasi ekani alohida qayd etildi.
Ma'lumot o'rnida, “Orano” — Fransiyaning davlat nazorati ostidagi yirik sanoat guruhi bo‘lib, yadro yoqilg‘isi siklining barcha asosiy bosqichlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya uran konlarini qidirish va qazib olish, uranni konversiya va boyitish, ishlatilgan yadroviy yoqilg‘ini qayta ishlash, muhandislik va texnik xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, yadro tibbiyoti yo‘nalishlarida zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Yakunda tomonlar oʻzaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelgusidagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
