Londonning yirik kompaniya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-07-14 15:05:00 / Yangiliklar

Muloqotda Toshkent viloyatining iqtisodiy, sanoat va turistik salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi hududning tabiiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish maqsadida Chinoz tumani, xususan Sirdaryo bo‘ylarida zamonaviy turistik majmualarni barpo etish va boshqa bir qancha takliflarni ilgari surdi.
Ma’lumot o‘rnida, 1946-yilda Londonda asos solingan "Arup" kompaniyasi loyihalash va qurilishni rejalashtirish hamda ularni barcha bosqichlarida boshqarish sohalarida dunyodagi yirik muhandislik konsorsiumi hisoblanadi.
Kompaniya dunyoning 140 dan ortiq davlati bilan hamkorlik qiladi va uning 37 ta mamlakatda o‘z ofislari mavjud. Ushbu brend tomonidan loyihalashtirilgan ob’yektlar o‘zining yuqori texnologik muhandislik yechimlari va noyob dizayni bilan mashhur.
E’tiborlisi, "Arup" kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ham bir qator yirik loyihalar, xususan, Samarqand turizm markazi (shu jumladan, Kongress-holl va 8 ta mehmonxona), "Tashkent City" ishbilarmonlik hududidagi Kongress-holl va "Hilton" mehmonxonasi, O‘zbekiston milliy kutubxonasi, shuningdek, bir qator transport va energetika infratuzilmalarini qurish bo‘yicha yuqori darajadagi loyihalash va muhandislik xizmatlari ko‘rsatilgan.
Samimiy va konstruktiv o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar "Arup" kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida yirik inshootlar, sanoat korxonalari, turistik zonalar va energetika sohalarida qo‘shma loyihalarni batafsil ko‘rib chiqish va tez orada navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishga kelishib oldilar.

