“Ayollar daftari”dan tadbirkorlik sari: yakkabog‘lik ayolning muvaffaqiyat yo‘li
2026-07-07 09:40:00 / Yangiliklar

Gavhar Xujaniyozova 2023-yilda “Ayollar daftari”ga kiritilib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 15 million so‘m imtiyozli kredit olgan. 2026-yilda esa u yana “Ayollar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlanib, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘ldi hamda subsidiya asosida 6 oy davomida har oy 4 million 120 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak bilan ta’minlandi.
Bugungi kunda Gavhar Xujaniyozova hunarmandchilik yo‘nalishidagi faoliyatini kengaytirib, 25 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlamoqda. Muhimi, ushbu ayollar uy sharoitida mehnat qilib, o‘z oilasi daromadiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Hozirda tadbirkorning oylik daromadi 8–9 million so‘mni tashkil etmoqda. Uning shogirdlari esa oyiga o‘rtacha 3–4 million so‘m daromad topmoqda. Bu esa davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, “Ayollar daftari” tizimi va manzilli qo‘llab-quvvatlash choralari xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishda amaliy samara berayotganini ko‘rsatadi.
O'rganishlar davomida xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning bandligini ta’minlash, hunarmandchilikni rivojlantirish hamda mahallalarda daromadli mehnat bilan band bo‘lgan ayollar safini kengaytirish borasidagi ishlar alohida e’tirof etildi.
Gavhar Xujaniyozovaning faoliyati “Ayollar daftari” orqali ko‘rsatilayotgan ko‘mak nafaqat bir ayolning hayotida, balki o‘nlab oilalar farovonligida ham muhim o‘zgarishlar yasayotganining yorqin namunasidir.

