Farovon oila, xavfsiz mahalla va zamonaviy boshqaruv sari
2026-06-22 10:00:00 / Yangiliklar

O’rganishlar davomida joriy yilda “Ayollar daftari” tizimi doirasida xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish hamda mavjud muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Maskanda oilalar mustahkamligini ta’minlash, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oilalar bilan ishlash, ajrim yoqasidagi oilalarga ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatish, huquqiy va psixologik maslahatlar berish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, kasb-hunarga o‘qitish hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, xavfsiz va qonuniy migratsiya masalalari bo‘yicha olib borilayotgan tushuntirish ishlari, xotin-qizlarning ijtimoiy moslashuvi va hayotiy muammolarini hal etishga qaratilgan manzilli yondashuvlar ham muhokama qilindi.
Maskanda amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilgan Bosh vazir o‘rinbosari xotin-qizlar bilan individual ishlash samaradorligini yanada oshirish, muammolarni erta aniqlash va oilalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini kuchaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Tashrif davomida Ohangaron shahar hokimligida tashkil etilgan zamonaviy Situatsion markaz faoliyati ham taqdim etildi. “Aqlli shahar” konsepsiyasi asosida faoliyat yuritayotgan mazkur markaz orqali kommunal soha, ekologiya, energetika, ijtimoiy obyektlar, mahallalar faoliyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlar, transport oqimi hamda xavfsizlik tizimlari yagona platforma orqali monitoring qilinmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari markazning aholi murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni tezkor aniqlash va hududlarni samarali boshqarishdagi imkoniyatlarini yuqori baholab, raqamlashtirish jarayonlarini yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Ohangarondagi o‘rganishlar yangi foydalanishga topshirilgan Madaniyat markazida davom etdi. Zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan maskanda yoshlar va xotin-qizlarning iste’dodini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda madaniy-ma’rifiy faoliyatni kengaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Madaniyat markazidagi to‘garaklar, ijodiy zallar, texnik jihozlar va xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishgan Bosh vazir o’rinbosari mazkur maskan aholining, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim markazlardan biriga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, hududlarda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar muammolarini manzilli hal etish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda madaniy-ma’rifiy muhitni rivojlantirishga qaratilgan bunday tashabbuslar aholi farovonligini oshirish va jamiyat barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

