Rishtonda yirik ma’rifiy-turizm markazi barpo etiladi
2026-06-15 16:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan ziyoratgohni rekonstruksiya va restavratsiya qilish loyihasi xususida so‘z yuritildi.
Ziyoratgohning “Sohibi Hidoya” deb nomlanishi fiqh ilmining buyuk namoyandalaridan biri, “Burhoniddin val-milla” nomi bilan shuhrat qozongan alloma Burhoniddin ar-Roshidoniy al-Marg‘inoniyning jahon ilm-fani xazinasidan munosib o‘rin olgan mashhur “Al-Hidoya” asari bilan chambarchas bog‘liqdir. Mazkur nom fors tilida “Hidoya asarining egasi, ya’ni muallifi” ma’nosini anglatadi.
Loyihaga ko‘ra, ziyoratgoh hududida zamonaviy bino va inshootlar barpo etish, ilmiy-amaliy markaz hamda boy fondga ega kutubxona tashkil qilish, shuningdek, ziyorat turizmi infratuzilmasini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.
Viloyat rahbari ushbu maskanni nafaqat ziyoratgoh, balki buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan yirik ma’rifiy markazga aylantirish kerakligini ta’kidladi.
Loyihalash ishlarini yakunlash hamda qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

