O‘zbekiston delegatsiyasi Voronej viloyati va Novovoronej AESida bo‘ldi
2026-06-15 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Voronej viloyatida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuv chog'ida viloyat gubernatori A.Gusev hamda viloyat rahbariyati, shuningdek, Rossiya atom sanoati vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar hokimiyat organlari va atom sanoati korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kompleks rivojlantirish tajribasini muhokama qildilar.
Novovoronej AESga tashrif
Shu kuning o'zida delegatsiya Novovoronej AES maydonida o‘z ishini davom ettirdi va u yerda "Rosenergoatom" konserni AJ bosh direktori A.Shutikov va stansiya direktori V.Povarov bilan muzokara o‘tkazdi. Delegatsiya Ishtirokchilari "3+" avlod zamonaviy energobloklarini ekspluatatsiya qilish, ilg‘or xavfsizlik tizimlari va asosiy ishlab chiqarish jarayonlari bilan batafsil tanishdi.
Yo‘ldosh shahar – uyg‘un rivojlanish namunasi
Delegatsiya atom energetikasi insonlarning yuqori turmush darajasi bilan qanchalik uyg‘unlashishi mumkinligiga yorqin misol bo‘lgan Novovoronej AESining yo‘ldosh shahri — shinam va zamonaviy maskanga alohida e’tibor qaratdi. Shaharga 1957-yilda stansiyaning birinchi energobloki bilan bir vaqtda asos solingan. AESdan atigi 4,5 km masofada joylashgan ushbu shahar 4,6 ming gektar maydonni egallaydi va bu yerda 30 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi. Bu yerda to‘laqonli ijtimoiy infratuzilma: zamonaviy maktablar, politexnika instituti, madaniyat markazlari, sport inshootlari va obodonlashtirilgan jamoat joylari yaratilgan. Bunday yondashuv atom sohasi mutaxassislari va ularning oilalari uchun qulay sharoitlarni ta’minlaydi hamda yadro energetikasining barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.
“Rosatom”da ishchi uchrashuvi
Voronej viloyatiga safar yakunida delegatsiya rahbariyati Moskvada “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – “Atomstroyeksport” AJ prezidenti A. Petrov bilan ishchi uchrashuvini o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistondagi AES loyihasining hozirgi holati va uni amalga oshirish rejalarini muhokama qilib, bevosita qurilish maydonchasida har oy tezkor shtab yig‘ilishlarini o‘tkazishga kelishib oldi.

