Norinda tadbirkorlar muammolari va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
2026-06-08 09:25:00 / Yangiliklar

Tumanda Bosh vazir o'rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Maxkamova ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda mutasaddi tashkilotlar mas'ullari, tijorat banklari hamda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlovchi hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta'minlash, daromadini oshirish, tadbirkorlar tomonidan kredit mablag'laridan foydalanish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o'rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishga oid taklif hamda murojaatlar bildirildi. Mas'ullar har bir masala yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib, muammolarni hal etish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni, jumladan, xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, ishbilarmon ayollar uchun ham qulay shart-sharoitlar yaratish va ularning tashabbuslarini rag'batlantirish — davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi. Bunday ochiq muloqotlar esa hudud iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

