Farg‘ona viloyati va Selangor shtati o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
2026-06-03 09:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirok etdi.
Unda ikki tomonlama manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xayrullo Bozorov O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, mushtarak taraqqiyot yo‘li va umumiy qadriyatlar asosida yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Shuningdek, Selangor shtatidagi ilg‘or tajriba hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuvda birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
IT, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion ishlab chiqarish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika, logistika, ziyorat turizmi kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati va Selangor shtati o‘rtasidagi do‘stona hamda iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, "yo‘l xaritasi" ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: Selangor — Malayziya yarim orolining g‘arbiy qismida joylashgan mamlakatning eng rivojlangan va sanoatlashgan shtati hisoblanadi. U mamlakat yalpi ichki mahsulotining salmoqli (3/1) qismini ta’minlab, asosiy iqtisodiy markazlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Shtatda elektronika, farmasevtika, oziq-ovqat sanoati hamda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish yo‘nalishlari yuqori darajada rivojlangan.

