Hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-05-22 10:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Valid Fuk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar ikki tomonlama iqtisodiy-ijtimoiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirish yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, muhokamalar davomida tomonlar quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratdi:
- transport infratuzilmasini rivojlantirishda hamkorlik olib borish va jamoat transporti tizimini rivojlantirish, zamonaviy va barqaror transport yechimlarini joriy etish;
- oqova suvlarni boshqarish hamda suv ta’minoti tizimini takomillashtirish orqali kommunal infratuzilmani rivojlantirish;
- sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish;
- o‘rmonlashtirish hamda yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan ekologik loyihalarni amalga oshirish.
Shuningdek, tomonlar ilg‘or tajriba va texnologiyalarni jalb etish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.
