“O‘zbekiston energetika haftaligi” o‘z ishini boshladi
2026-05-12 14:50:00 / Yangiliklar

Unda hamkor davlatlar o‘rtasidagi energetika loyihalarini muvofiqlashtirish, infratuzilmaviy integratsiyani kuchaytirish, energetika xavfsizligini ta’minlash, resurslarni diversifikatsiya qilish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, “aqlli” tarmoqlar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Yalpi majlisni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Belarus Respublikasi Energetika vaziri Denis Moroz, Ozarbayjon va Qozog‘iston energetika vazirlari o‘rinbosarlari, SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari hamda Gaz eksport qiluvchi davlatlar forumi Bosh kotibi ishtirok etmoqda.
Tomonlar mintaqaviy energetik hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir davomida sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish hamda xalqaro investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


