Sirdaryo viloyatida oilalar bilan ishlashning yangi yondashuvlari muhokama qilindi
2026-05-04 09:30:00 / Yangiliklar

Shirin shahrida xotin qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ajrim va nizoli oilalar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuvlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojibayeva, Shirin shahar hokimi Dilfuza Kambarova hamda viloyat prokurorining o‘rinbosari Nasiba Begimova ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning kelib chiqish omillari atroflicha tahlil qilinib, ularni barvaqt aniqlash va oldini olish bo‘yicha tizimli choralarni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, ajrim yoqasiga kelib qolgan hamda nizoli oilalar bilan ishlashda yangicha yondashuvlar, xususan, individual profilaktika, mediatsiya, psixologik va ijtimoiy ko‘mak mexanizmlarini keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, joylarda aniqlangan muammolarni manzilli hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.

