Ayollar ta’limi va kasbiy rivojlanish sohasida muhim xalqaro hamkorlik
2026-04-23 14:15:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova hamda Xitoy Xalq Respublikasi Silk Road Publishing raisi, tadqiqotchi olima Zang Hongyang (Shirin Zang) ishtirokida imzolandi.
Memorandum ayollarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Hujjat doirasida “O‘zbekiston–Xitoy qizlar ustaxonasi”ni tashkil etish, zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilish, shuningdek, o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratish rejalashtirilgan. Loyihalar turizm, raqamli marketing, dizayn va texnologiya kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shu bilan birga, ikki davlat mutaxassislari va tinglovchilari o‘rtasida akademik va kasbiy almashinuvni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tomonlar ushbu memorandum ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona va sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.


