Xotin-qizlar murojaatlari bilan ishlashda manzilli yondashuv va sayyor qabullar samaradorligi tahlil qilindi
2026-04-17 09:15:00 / Yangiliklar

Asosiy e’tibor xotin-qizlar murojaatlari bilan ishlash sifati va natijadorligini oshirish, aholi bilan manzilli ishlash tizimini yanada kuchaytirish, joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar samaradorligini tahlil qilishga qaratildi, shuningdek, murojaatlarni o‘z vaqtida va qonuniy hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilish kun tartibidan 2026 yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 13 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar, 2026 yil 1 aprelda qabul qilingan PF-51-son farmon ijrosi hamda mahallalarda 2–15 aprel kunlari o‘tkazilgan sayyor qabullar natijalari o‘rin oldi.
Ta’kidlanganidek, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 1 apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–51-son Farmoni sohada mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy etdi. Xususan, murojaatlarni nazorat vaqti rejimida kuzatish, ularni “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratish, shaxsiy va sayyor qabullarni to‘liq raqamlashtirish, davlat organlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash yuzasidan hisobotdorligini kuchaytirish kabi tartiblar amaliyotga joriy etilgani bu boradagi mas’uliyatni yanada oshirdi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Qo‘mita tizimida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash natijadorligi 2026 yil uchun muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri sifatida belgilangan. Jumladan, Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlarning qanoatlantirilish darajasi, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining ijobiy hal etilishi, Qo‘mita vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha yuqori instansiyalarga yo‘llanayotgan murojaatlar sonini qisqartirish hamda hududlarda har chorakda kamida ikki marotaba sayyor qabullar o‘tkazish kabi vazifalar ustuvor mezon sifatida belgilab olingan. Shu bois ham joylardagi har bir qabul, har bir murojaat va har bir yechim bevosita natijadorlik ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2026 yilning 1-choragi davomida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimiga jami 16 ming 865 ta murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi ijtimoiy himoya va moddiy yordam, oilaviy nizolar, sog‘liqni saqlash, huquqiy himoya, ta’lim, mehnat munosabatlari hamda boshqa ijtimoiy masalalarga to‘g‘ri keladi. Murojaatlarning 78,4 foizi qanoatlantirilgan, qolgan murojaatlar bo‘yicha esa qonunchilik asosida tushuntirish va huquqiy maslahatlar berilgan. Shu bilan birga, ayrim hududlarda murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqmaslik, fuqaroga yetarli tushuntirish bermaslik, masalani chuqur o‘rganmaslik holatlari ham saqlanib qolayotgani tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, muddati buzilgan murojaatlar, kechiktirib javob berilgan holatlar va takroriy murojaatlar soni ayrim hududlarda yuqori ekani mas’ullar diqqatiga yetkazildi.
Yig‘ilishda alohida ta’kidlangan muhim jihatlardan biri — mahallalarda sayyor qabullar amaliyotini kuchaytirish orqali xotin-qizlar muammolarini joyida o‘rganish va hal etishga erishish zarurati bo‘ldi. Shu maqsadda joriy yilning 2 aprelidan boshlab tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari tomonidan mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2–15 aprel kunlari o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida jami 3 ming 110 nafar fuqaro qabul qilindi. Murojaatlarning hal etilishini respublika darajasida monitoring qilib borish maqsadida Qo‘mitaning “ayol.gov.uz” platformasining “Mahallada qabul” moduliga kiritib borilmoqda. Murojaatlarda asosan moddiy yordam, oilaviy masalalar, uy-joy, huquqiy himoya, qabul so‘rovi va boshqa ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan.
13 kunlik amaliy natijalarga ko‘ra, sayyor qabullar orqali bugungi kunga qadar 55 nafar ayolning bandligi ta’minlangan, 32 nafar fuqaroga tibbiy yordam va davolanishida ko‘mak berilgan, 72 nafari kasb-hunarga yo‘naltirilgan, 25 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit ajratishda yordam ko‘rsatilgan, 35 nafari moddiy qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, 22 nafar fuqaroga bolalar nafaqasini tayinlash, 9 nafarga aliment undiruvi, 31 nafarga “Ayollar daftari”ga kiritish masalalarida amaliy yordam berilgan, 441 nafarga huquqiy tushuntirishlar taqdim etilgan. Bu esa sayyor qabullar murojaatlarni tinglash bilan cheklanmay, ularga aniq va manzilli yechim topishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
Hududiy tahlillar sayyor qabullarni tashkil etish darajasida ham ma’lum tafovutlar borligini ko‘rsatdi. Xususan, 2–15 aprel kunlari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, Bo‘zatov, Koniliko‘l, Qorao‘zak, Muynoq, Taxtako‘pir, Shumanay, Ellikqal’a tumanlari, Andijon viloyatining Xonobod shahri, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlari, Buxoro viloyatining Buxoro va Kogon shaharlari hamda bir qator tumanlari, Jizzax viloyatining Jizzax shahri, Baxmal va Yangiobod tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor, Qarshi, Kitob, Koson, Muborak, Nishon, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlari, Navoiy viloyatining Navoiy va Zarafshon shaharlari hamda qator tumanlari, Namangan viloyatining Namangan shahri, Davlatobod, Uchqo‘rg‘on, Chust, Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Ishtixon va Narpay tumanlari, Surxondaryo viloyatining Uzun tumani, Sirdaryo viloyatining Xovos tumani, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri va qator tumanlari, shuningdek, Toshkent shahrining barcha tumanlarida sayyor qabullar yuqori darajada tashkil etilgani ijobiy baholandi.
Shu bilan birga, qator hududlarda qabullar jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar keskin tanqid qilindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, sayyor qabullarni tashkil etish sifat jihatidan ham baholandi. Farg‘ona viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida qabullar nisbatan yuqori darajada tashkil etilgani, ayrim tuman va shaharlarda esa Qo‘mita tomonidan berilgan tavsiyalar asosida manzilli va samarali ish olib borilgani e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, bugun aholi murojaatlari bilan ishlash, ayniqsa, xotin-qizlarning dardi, muammosi va takliflariga quloq tutish, ularni joyida hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila taqdiri, farzandlar kelajagi turganini chuqur anglagan holda ish yuritish har bir rahbar va mas’ul xodimning asosiy burchi ekani qayd etildi. Shu ma’noda, mazkur yig‘ilish joylardagi mas’ul rahbarlar faoliyatini tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni ochiq aytish, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilash va eng muhimi, murojaatlar bilan ishlashda natijadorlik, mas’uliyat va manzilli yondashuvni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yig‘ilish yakunida shaxsiy va sayyor qabullarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, har kunlik ma’lumotlarni Qo‘mita markaziy apparatida tashkil etilgan ishchi guruhga belgilangan tartibda taqdim etib borish, murojaatlarni qonunchilik talablariga muvofiq har tomonlama o‘rganish, javob xatlarini o‘z vaqtida tayyorlash va axborot tizimlariga kiritish, hujjatlarni asossiz rasmiylashtirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, sayyor qabullarda tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirokini ta’minlash, qabullarni namunaviy tartib asosida tashkil qilish hamda birorta ham murojaatning muddatidan kech o‘rganilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Eng muhimi, bunday ochiq, tahliliy va amaliy muloqotlar xalq bilan yaqin ishlash, murojaatlarga befarq bo‘lmaslik, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish tamoyilini yanada mustahkamlashga, xotin-qizlarni qiynab kelayotgan muammolarni manzilli hal etishga hamda joylarda ijtimoiy adolat va inson qadrini ta’minlashga xizmat qiladi.

