Хotin-qizlar masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya
2026-04-15 09:20:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, mazmunan boyib bormoqda. Shu ma’noda, mazkur xalqaro muloqot maydoni xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zulayho Maxkamova o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash hamda ularning jamiyatdagi faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etdi. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, gender tenglikka erishish strategiyasi va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dasturlar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova ham ishtirok etayotgan mazkur anjumanda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni raqamli texnologiyalar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlariga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida e’tirof etildi. Qayd etilganidek, O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi va zamonaviy kasblarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Tadbir doirasida xotin-qizlar tadbirkorligi, kichik va o‘rta biznesda sun’iy intellekt hamda raqamlashtirish imkoniyatlari, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqarorlikni mustahkamlashda ayollar yetakchiligi kabi dolzarb mavzular yuzasidan panel muhokamalari tashkil etilishi belgilangan.

