Xotin-qizlar va oilalar farovonligi yoʻlidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
2026-03-13 09:40:00 / Yangiliklar

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman va shaharlar darajasidagi masʼul rahbarlar ishtirok etib, mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yigʻilish avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son hamda PF–22-son Farmonlarida belgilangan vazifalar, xususan, “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi va 2026-yil Davlat dasturi ijrosi doirasida hududlarda olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Mazkur yoʼnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan masʼullar tomonida axborot berildi. Taʼkidlanganidek, davlat dasturlarida belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosini quyi boʻgʻingacha samarali yetkazish, har bir hudud kesimida aniq natijadorlikka erishish bugungi kunning eng muhim talablaridan biri hisoblanadi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–33-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama markazida boʻldi. Xususan, erta va qonuniy nikohni rasmiylashtirmasdan turmush qurish holatlarining oldini olish, nikohning optimal yoshi — 21 yoshning afzalliklarini xalqchil va taʼsirchan shakllarda keng targʻib etish, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda, shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni “maishiy zoʻravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul oʻqitish, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash, “Oila profili” moduli faoliyatini yanada takomillashtirish, nizolarni barvaqt aniqlash va oilani barqarorlashtirish orqali oilaviy ajrimlarning oldini olish borasidagi ishlar yuzasidan hududlar kesimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Bu borada tizimli yondashuvni kuchaytirish, kunlik nazoartni amalga oshirish, mahallalarda sayyor qabullar o'tkazishni tizimli amalga oshirish hamda har bir murojaat va holat bilan individual ishlash zarurligi taʼkidlandi.
“Har bir rahbar oʻz hududida xotin-qizlar va oilalar bilan ishlashni kundalik faoliyatning eng muhim mezoni deb bilishi kerak. Natija bor joyda ishonch, ishonch bor joyda esa taraqqiyot boʻladi”, — dedi Bosh vazir oʻrinbosari.
Kun tartibidagi navbatdagi muhim masala xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, xususan, jinoyatchilik koʻrsatkichi yuqori boʻlgan 81 ta mahallada olib borilayotgan profilaktik ishlar tahliliga bagʻishlandi. «Ye-ijtimoiy profilaktika» tizimi bilan ishlash, voyaga yetmagan qizlarning bedarak ketishining oldini olish, xotin-qizlar bilan bogʻliq salbiy holatlarni erta aniqlash va bartaraf etish borasidagi amaliy choralarga alohida urgʻu berildi. Masʼullar tomonidan bu yoʻnalishdagi faoliyatni kuchaytirish, profilaktika samaradorligini oshirish va hududlarda masʼuliyatni yanada mustahkamlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Yigʻilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi murojaatining mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ'ib etish, undan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni har bir mahallada to'liq hajmda ijrosini tashkil etish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, bandligini qoʻllab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, ilm-fan, taʼlim, tadbirkorlik va boshqaruvdagi faolligini kengaytirish boʻyicha oldinda turgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, yigʻilishda kelayotgan Ramazon hayiti hamda Navroʻz ayyomini munosib nishonlash, respublikamiz boʻylab tashkil etiladigan umumxalq hasharlarida faol ishtirok etish, hududlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, yangi koʻchatlar ekish hamda “Ayollar bogʻi”ni tashkil etish boʻyicha ham muhim vazifalar belgilandi. Bu boradagi ishlarni mahallalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va keng jamoatchilik ishtirokida uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilish yakunida Zulayho Maxkamova tomonidan barcha masʼullarga belgilangan topshiriqlar ijrosini soʻzsiz taʼminlash, har bir hududda manzilli, tizimli va natijador ishlarni yoʻlga qoʻyish, xotin-qizlar va bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, oilalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni mustahkamlash hamda joylarda amaliy natija beradigan tashabbuslarni kengaytirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.

