Tadbirkor xotin-qizlar bilan ochiq muloqot: g‘oyadan barqaror daromadgacha
2026-02-18 09:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuv mahallalarda xotin-qizlar bandligini yanada kuchaytirish, oila bag‘rida daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, kichik biznes va kasanachilikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Muloqot davomida xotin-qizlar tomonidan turli yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tashabbuslar — xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, tikuvchilik, chorvachilik, issiqxona xo‘jaligi kabi sohalarda yo‘lga qo‘yilgan ishlar muhokama qilindi. Tadbirkor ayollar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, mahsulotni bozorga olib chiqish, doimiy xaridorlar bazasini shakllantirish, brend yaratish, kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish hamda onlayn savdo imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar bildirdilar.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkor xotin-qizlar faoliyatini kengaytirishda uchrayotgan ayrim to‘siqlar — moliyalashtirish masalalari, hujjatlashtirish jarayonlari, yer hamda bino-inshootlardan foydalanish, logistika, xomashyo ta’minoti, marketing va savdo tarmoqlariga kirish bilan bog‘liq savollar ko‘tarildi. Mazkur masalalarni bartaraf etishda mahalla darajasida “bir darcha” tamoyilini kuchaytirish, mas’ul idoralar ko‘magini tizimli yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish hamda biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bosh vazir o‘rinbosari muloqotda xotin-qizlarning g‘oya va mehnati faqat “havas” darajasida qolib ketmasligi, aksincha, barqaror daromad manbaiga aylanishi uchun zarur sharoit va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari izchil kengaytirib borilishini qayd etdi. Uchrashuv yakunida faol va tashabbuskor xotin-qizlarni rag‘batlantirish, ularning loyihalarini manzilli qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda daromadli yo‘nalishlarni ko‘paytirish hamda oilaviy va jamoaviy biznesni rivojlantirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.


