Oʻzbekiston–Suriya biznes-forumi
2026-02-13 14:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, logistika hamda turizm sohalarini ifodalovchi qariyb 200 nafar tadbirkor ishtirok etdi.
Suriya delegatsiyasi tarkibiga davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari, Damashq, Homs, Daraa, Tartus, Latakiya, Hama, Deyr-az-Zor va Idlib hududiy savdo-iqtisodiy tuzilmalari rahbarlari hamda a’zolari, shuningdek tarmoq birlashmalari va biznes vakillari kirdi.
Forumdagi nutqida L.Kudratov tarixan shakllangan aloqalarni aniq savdo va investitsiya loyihalari bosqichiga olib chiqish zarurligini ta’kidladi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida agrosanoat, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik va sanoat kooperatsiyasi belgilandi. Qo‘shma qayta ishlash va qadoqlashni rivojlantirish, barqaror logistika yo‘laklarini shakllantirish, muntazam B2B uchrashuvlarini o‘tkazish hamda Suriyada O‘zbekiston savdo uyini ochish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Forum yakunida o‘zaro yetkazib berish hajmini kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


