Ayollar salohiyati — ilmiy taraqqiyot drayveri
2026-02-12 14:05:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli anjuman jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ilm-fan va ta’lim sohasidagi faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda ijtimoiy ong transformatsiyasi masalalariga bag‘ishlandi.
Konferensiyada Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga alohida to‘xtaldi.
“Ilm-fan taraqqiyoti jamiyat taraqqiyotining poydevoridir. Xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash — gender tenglik masalasi o'laroq, mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, oilaviy qadriyatlar mustahkamligi va ijtimoiy ong yuksalishining muhim omilidir. Biz ayollarning ta’lim va ilm-fandagi ishtirokini kengaytirish orqali kelajak avlodning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilamiz”, — dedi Zulayho Maxkamova.
Tadbir davomida gender tenglikni ta’minlash, ta’lim siyosatini takomillashtirish, ayollarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi va muhokamalar olib borildi.
Konferensiyada Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiya yakunida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi hamda kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

