Qohirada ayollar ta’limi va ma’naviy-ma’rifiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-02-04 09:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun, doktor Nahla as-Sa’idiy Al-Azhar majmuasidagi eng nufuzli ayol rahbarlardan biri bo‘lib, Al-Azhar Shayxining maslahatchisi lavozimini egallagan tarixdagi birinchi ayol hisoblanadi. U Misrda ta’lim olayotgan xorijlik, jumladan, o‘zbekistonlik talabalar ta’lim jarayoni, huquqiy maqomi va sharoitlarini yaxshilash masalalarida muhim qarorlar qabul qilishda bevosita ishtirok etib kelmoqda.
Uchrashuv davomida Zulayho Maxkamova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdel Fattah al-Sisi o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va kuchli siyosiy iroda tufayli so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, so‘nggi to‘qqiz yil davomida O‘zbekiston va Misr nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki ma’naviy-ma’rifiy sohalarda ham salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va jamiyatdagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha joriy etilgan milliy tajriba hozirda xalqaro miqyosda o‘rganilayotgani va ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyor ekanlik bildirildi.
Bundan tashqari, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston va Misr o‘rtasida xalqaro mukofotni hamkorlikda ta’sis etish va ushbu mukofot bilan har yili munosib qizlarni taqdirlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Mazkur tashabbuslar Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, kelgusida ushbu yo‘nalishlarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanlik bildirildi.


